Abstract:
Ushbu tadqiqotning maqsadi tuberkulyoz plevriti (TP) bilan og‘rigan bemorlarning plevra suyuqligidagi va qon zardobidagi ADA fermenti faolligini o‘rganish bo‘ldi. 2022-yil fevraldan 2022-yil oktabrgacha Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent shahar ftiziatriya va pulmonologiya klinik shifoxonasi klinikalarida 80 nafar bemorning plevra suyuqligi va qon zardobi tekshirildi. Ularning barchasi 2 guruhga bo‘lindi - (1) TP bilan, (2) tuberkulyoz bo‘lmagan etiologiyali plevrit. 1-guruhdagi bemorlarda plevra suyuqligi va qon zardobida ADA 2-guruhdagilarga qaraganda yuqori edi. 1-guruhda plevra suyuqligidagi ADA miqdori 2-guruhga nisbatan 3,2 baravar yuqori ekanligi kuzatildi (mos ravishda 46,6 va 14,4) va qon zardobida 5,5 baravar yuqori (mos ravishda 25,3 va 4,5). Tuberkulyozli ekssudativ plevritning diagnostikasi qiyin muammodir. Noan’anaviy testlar orasida ADA va IFN-g eng yaxshi sezuvchanlik va o‘ziga xoslikka ega, ammo ular plevra yallig‘lanishining biomarkerlari bo‘lib, etiologik agentni tasdiqlamaydi. Boshqa yangi testlar va biomarkerlar uchun cheklangan ma’lumotlar mavjud. Umumiy tibbiyot tarmog‘ida shifokorlarning ftiziatrik hushyorligiga muhim o‘rin berilishi kerak. ADA fermentini ahiqlash usuli qo‘shimcha tekshirish usuli bo‘lib, bajarish oson va qimmat uskunalar va reagentlarni talab qilmaydi. Natijani 2 soat ichida olish mumkin.